Sirdaryo viloyati xalq ta’limi tizimi xodimlarining bilim darajasi o‘rganilmoqda

    Avval xabar qilganimizdek, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan ta’lim sifati bo‘yicha Sirdaryo viloyatini namunali hududga aylantirish tashabbusi doirasida qator tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Mazkur tashabbus doirasida viloyatdagi ta’lim muassasalarida ta’lim-tarbiya sifatini oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritalari”da ko‘zda tutilgan maktablardagi real holat va o‘qituvchilarning bilim darajalarini o‘rganish ishlari olib borilmoqda.
Joriy yilning 3 oktyabridan e’tiboran Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspektsiyasi tomonidan maktab o‘quvchilarining bilim darajasini baholanmoqda. Shu kunga qadar inspektsiyaning ishchi guruhi tomonidan viloyatdagi 135 ta (43,7%) maktablar o‘rganildi.
Shuningdek, Davlat test markazi bilan hamkorlikda viloyat xalq ta’limi boshqaruv organlari xodimlari, metodistlar va maktab o‘qituvchilarining menejerlik, tegishli fan va davlat tili bo‘yicha bilimlarini aniqlash bo‘yicha test sinovlariga start berildi.

    Test sinovlari grafik asosida 3 smenada o‘tkaziladi va har bir smenaga 600 nafar o‘qituvchilar qamrab olinishi belgilangan. 7 oktyabrь kuni 1800 nafar matematika, informatika, iqtisodiy bilim asoslari kabi fan o‘qituvchilari va metodistlari ishtirok etadi.
Test jarayonlarini nazorat qilish uchun Guliston davlat universitetining 90 nafar malakali mutaxassislari kuzatuvchi sifatida jalb qilingan.
Test sinovlarini joriy yil 13 oktyabrь kuni yakunlash va ushbu jarayonga Sirdaryo viloyati xalq ta’limi tizimida faoliyat yuritayotgan 12500 dan ortiq o‘qituvchi va xodimlarning barchasini qamrab olish ko‘zda tutilgan.

Scroll to Top